Меню сайта
Категории раздела
Бесплатные анимационные смайлики для одноклассники.ру [0]
YANGILIKLAR / ЯНГИЛИКЛАР / HABARLAR / AXBOROT [3]
HIKOYALAR / ХИКОЯЛАР [70]
SEVGI HIKOYALARI / СЕВГИ ХИКОЯЛАРИ / AYANCHLI SEVGI HIKOYALARI [78]
Любовные истории, истории любви, рассказы о любви [98]
FUTBOL YANGILIKLARI / Новости футбола [3]
SHOU BIZNES YANGILIKLARI / ШОУ БИЗНЕС ЯНГИЛИКЛАРИ [23]
YULDUZLAR BIOGRAFIYASI / ЮЛДУЗЛАР БИОГРАФИЯСИ [11]
DUNYO YANGILIKLARI / ДУНЁ ЯНГИЛИКЛАРИ [7]
O'ZBEKCHA KINOLAR / УЗБЕКЧА КИНОЛАР [0]
Смотреть онлайн бесплатно в хорошем качестве / Фильмы HD онлайн смотреть [4]
HIND KINOLARI ONLINE / Индийские фильмы онлайн [1]
TURKCHA SERIALLAR / ТУРКЧА СЕРИАЛЛАР / Турецкие сериалы онлайн на русском языке. Смотреть турецкие [0]
MOBIL TELEFONLAR UCHUN / МОБИЛ ТЕЛЕФОНЛАР УЧУН [1]
Foydali maslahatlar / Полезны советы [102]
Заработок в интернете / Pul ishlash [0]
Pazandachilik / Кулинария [0]
BAXS - TORTISHUV / FIKR MULOHAZA [159]
BEPUL MP3 KO'CHIRIB OLISH / БЕПУЛ МП3 КУЧИРИШ [1]
SEVGI HIKOYALARI / СЕВГИ ХИКОЯЛАРИ / AYANCHLI SEVGI HIKOYALARI [0]
YANGI KINO FILMLAR










Статистика

ss

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0
Главная » 2013 » Ноябрь » 24 » Baxtli boʻlinglar
14:42
Baxtli boʻlinglar
Tashqarida lopillab laylakqor yogʻardi. Zebo buvisining tanchasida mudrab oʻtirar, uning koʻz oldidan qachonlardir kitoblarda oʻqigani yoxud odamlar tilidan eshitgani bir manzara oʻtar edi: derazalar!
Deraza oynalari lampochkalar nuriga yoʻgʻrilib koʻrinadi. Ichkaridagi noz-ne’matlarga toʻla stol atrofida tik turgan odamlar qoʻllaridagi qadahlarini choʻqishtirib, bir-biriga shirin orzu-tilaklar bildirishyapti.
Zebo xayolan oʻshalar davrasiga tushib qoldi: ana, bittasi Zeboning ham qoʻliga qadah tutib, peshonasidan oʻpdi. Zebo qarasa, u akasi emish. Ana, yangasi ham uni quchib oʻpdi: «Senga baxt tilayman, Zebo! Yangi yil bilan!» — dedi.
Qiz choʻchib boshini koʻtardi. Yon-veriga qaradi va shaxt bilan tanchadan turib ketdi. Ayvonga chikdi.
Ayvondan toʻgʻriga, oʻz uylariga qarab ketgan yoʻlka oppoq, undagi yolgʻiz odam qoldirgan izni ham qor koʻmib boryapti.
Zebo kalishini kiyib, ayvondan tushdi. Qordagi izlarni tavakkal bosib pildirab ketdi. Chorpoya ostidan chiqqan it ham choʻzilib kerishdi-da, qizning ortidan chopdi. Undan oldinga oʻtib, roʻparadagi uy ayvoniga chiqib bordi.
Zebo nam tortib ketgan dahlizda kalishini yechib, oʻng qoʻldagi xonaga kirdi. Yuziga boʻgʻriqqan issiq havo urildi. Choʻyan pechning kulxonasini tozalayotgan onasi qoshida toʻxtadi.
— Ena, shaharga ketaman. Akamni koʻrib kelaman!
Ona unga hayron boʻlib qaradi.
— Hozirmi? Bayram oʻtsin. Keyin borib kelasan. Biznikiga ham bitta-yarimta mehmonlar keladi. Men yolgʻizlik qilib qolaman.
— Boraman! — dedi Zebo onasining gapini eshitmaganday. — Hozir ketaman! Nima berasiz, tayyor qiling hozir!
— Otangdan soʻra boʻlmasam. Hali-zamon kelib qoladi.
— Otam rozi boʻladilar. Menga pul bering! Sandiqni oching...
Ota-ona yolgʻiz qizlari bilan qolgan. Ular Zeboning soʻzini ikki qilishmasdi.
Zebo dahlizga qaytib chikdi. Narigi xonaga kirdi. Devorlarga koʻz tashlab, toʻrdagi shkafni ochdi. Tugundan atlas koʻylagini, qoziqdan paltosini oldi. U bir-pasda kiyinib ham boʻldi.
Palto unga uzunlik qilar, guldrr shol roʻmol uni katta qilib koʻrsatar, ichi moʻynali etikchasining qoʻnji keng, qizga yarashmas edi.
Ona kirdi, chiqdi. Zeboning qoshida toʻxtadi. Nimadir deb toʻngʻilladi. Oxiri:
— Borasan dedim-ku! — dedi.
Oradan bir soatlar vaqt oʻtdi chamasi. Zebo shaharga qatnaydigan avtobusda oʻtirar, avtobus qorga burkangan qishloqdan chiqib biyday dala yoʻliga tushgan, yoʻlning odoqlari oqarib, tumanlanib koʻrinar, goʻyo avtobus allaqancha odamlarni olib noma’lum, sirli tomonga ketmoqda edi.
Lekin yoʻlovchilar mamnun, derazalardan olislarga koʻz tashlashadi, bir-biriga qishning yaxshi kelgani, qor ham ayni vaqtida yogʻayotganini aytishadi.
— Ha, qor boʻlmasa Yangi yil bayrami boʻladimi! — deb qoʻydi Zebo ham.
U suhbatga qoʻshilmagani uchunmi, gapiga hech kim parvo qilmadi, zero qiz ham ularga parvo qilmadi. Asta-sekin uning xayolidagi manzara — onasining «ertagayoq orqangga qayt!» deya yelkasini silagani, ota-sining avtobus shoferiga ortiqcha pul berib: «Akasining uyiga yaqin oborib tashlang», deya iltimos qilib Zeboni koʻrsatgani, yoʻl yoqasida choʻnqayib oʻtirgan ola-parning allaqanday siniq tovushda hurib qoʻygani — uning xayolidan koʻtarilib, avtobus oldinga jilgani sari qizning fikri-yodini tagʻin oʻziga tanish, aziz manzara egallab olar edi.
Odatda avtobus shaharga kechki soat beshga qolmay yetib borardi. Bugun esa olti yarimda yetdi.
Tanish koʻcha. Ioʻl yoqasida oʻsha novcha daraxtlar! Qiziq, shaharda yoʻllarga qor tushgani qoʻyishmay-di-ya? Yer supurgich mashinalar va yana allaqanday kichkina avtobuschalar uyoqdan-buyoqqa oʻtib, asfaltni tozalab ketishyapti. Qor esa bunga oʻchakishganday.
Mana, besh qavatli baland imorat. Uning yuqori qavati koʻrinmaydi! Bulut pasayib qolganday.
Zebo allaqanday ichki hayajonda yoʻlni kesib oʻtdi. U yoʻlkaga tushmayoq avtobus ham iziga qaytib ketdi.
Mana, yosh-yosh chinorlar! Barglari toʻkilmapti. Shoxlarini qor bosgan. Ana, archalar. Shu shaharliklar qiziq! Togʻdan archa keltirib, uylari yoniga oʻtqazishadi. Shularga qarab zavqlanishsa kerak, yoki oʻzlarini togʻda yashayotganday his qilishadimi?
Ana, akasi bilan yangasi turadigan imorat.
Bu imorat Zeboga yaqin, aziz koʻrinib ketdi. Xuddi oʻz uyiga yetganday mamnun boʻlib bir toʻxtadi, chap qoʻlidagi ogʻirgina chamadonni oʻng qoʻliga oldi.
Zinalar. Eshik. Zebo oppoq tugmachani bosdi. Ichkarida qoʻngʻiroq jiringladi. Ship-ship qadam tovushlari keldi. Nihoyat, nimadir qitir etdi va eshik ochildi.
— E, Zebo! — baqirib yubordi akasi.
U yaxshi kiyinib olgan, egnida qora kostyum, boʻynida qizil galstuk, oyogʻida yaltiroq tufli.
Aka singlisining peshonasidan oʻpdi. Yoʻlakka qarab qoʻyib, eshikni bekitdi.
— Yangam uydami, aka?
— Uyda... kiyinyapti! Sharifa! Zebo keldi! — Oqiljon Zeboga kulib boqdi: — Toʻgʻri qishloqdan kelyapsanmi?
— Ha, — dedi Zebo ham kulimsirab. — Yangi yilni koʻrgani keldim. Maylimi?
— E! — dedi aka. — Zoʻr ish qilibsan-da, singlim! Enam qalay? Boboy tuzukmi? Paltoyingni yech! Etikni ham. Ana shunday. Endi menga ber! Mana bu yerga ilib qoʻyamiz. Sovqotibsan-a? Ichkariga oʻt!
Oqiljon hovuchiga yoʻtalib qoʻyib, unga zalni koʻrsatdi. Oʻzi chap qoʻldagi yoʻlak bilan borib, yotoqqa kirdi. Eshikni zichlab, xotiniga shivirladi:
— Zebo keldi.
Sharifa siniq kulimsiradi.
— Ayamlar yuborishibdimi?
— Yangi yilni oʻtkazgani kepti.
Ayol eriga ma’noli tikildi. Er chimirilib, burnini qashib qoʻydi.
— Parvo qilma. Zebo uyda oʻtiradi, — dedi.
— Yolgʻiz... Qanaqa boʻlarkan?
— Him, bilmadim endi... Oʻtirishga oborib boʻlmaydi. Umarni bilasan, odamlarni saralab chaqirgan. Keyin, umuman, Zebo u davraga toʻgʻri kelmaydi.
— Bari bir... nimadir qilish kerak. U yolgʻiz oʻzi oʻtirmaydi-ku, Yangi yilni kutaman deb kelgan boʻlsa?
— Him-m, qoʻshnilarning ham u tengi qizlari yoʻq, — Oqiljon keskin qoʻl siltadi. — Bir yoʻli topilar. Aytmoqchi, biz vaqtli qaytamiz-ku? Ikkiga qolmay yetib kelamiz... — U quvonib ketdi. — Umarning esi boʻlsa bir soat oʻtirmay turib, «aylanamiz!» deb qoladi. Oʻtgan yili oʻzimiznikida oʻtirgandayam shunday boʻlgandi.
— Ha-ya. Unday boʻlishi ham mumkin. Toʻxtang, unga oʻzingiz tushuntirib ayting, men aytolmayman.
— Yaxshi. Kiyin tezroq. Oqiljon qaytib zalga bordi.
— Hozir yangang keladi... Kiyinyapti. Oʻtir!
Zebo xona oʻrtasida qotib turar, burchakdagi odam boʻyi archaga tikilib qolgan, archa bamisoli qoʻgʻirchoqdek bezatilgan edi.
— Zebo?
Qiz akasiga kulib qaradi.
— Archani yaxshi bezatibsizlar!
— Ha, endi... Oʻzim yaxshi koʻraman archa bezatishni! Yangang ikkalamiz bezadik. E, bugun uch soat vaqt shunga ketdi, — Oqiljon allaqanday ma’yuslanib kresloga choʻkdi. — Endi, bu ishning ham bir gashti bor-da...
Zebo akasining hurmati uchun soʻziga bosh irgʻab, stulga oʻtirdi.
Yangasi keldi.
Bir soatdan keyin Zebo xonada yolgʻiz qoldi.
...Akasi bilan yangasi juda qadrdon bir oʻrtoqlari uyiga aytib qoʻygani, oʻtgan yili bu yerga kelishgani, bormasalar boʻlmasligi, lekin uzoq oʻtirmay qaytib kelishlari va Zebo bilan birga Yangi yil bayramini shu yerda davom ettirishlarini aytib, Zebodan qayta-qayta uzr soʻragan boʻlishdi.
Zebo ularning soʻzini eshitib turdi-da:
— Yoʻq-yoʻq, meni oʻylamanglar, akajon. Rahmat, — dedi. — Bilaman. Men ham dugonalarim uyiga chaqirsa, sizlarni boshlab bormayman-ku. Yangajon, boraveringlar. Men uyda oʻtiraman. Zeriksam koʻchalarni aylanib kelaman.
— Yoki... Sharifa, shu yerda qittak-qittak qilamizmi? Kelinglar! — U chap qanot devor ostida turgan stol boshiga bordi. Ikkilandi. — Hozirdan-a, Sharifa?
— Ixtiyoringiz, — dedi xotini.
Zebo akasi bu ishni oʻzi uchun qilayotganini fahmladi.
— Akajon, qoʻying. Vaqtida ichganingiz yaxshi. Kechikib qolasizlar, boringlar!
Xayrlashayotib Oqiljon singlisining peshonasidan yana oʻpdi. Sharifa ham uning yelkasidan quchib qoʻydi.
Akasi bilan yangasining ketib qolishgani Zeboga ogʻir botmadi. Qaytaga uyda yolgʻiz qolgani unga yokdi. Qiziqib, yana archa qoshiga bordi. Butoq tanasiga yopishib turgan tulkiga tikilib: «oʻlmabsiz!» dedi. Burniga chertmoqchi boʻldi. Lekin archa ustiga tashlab qoʻyilgan yaltiroq qogʻoz shildirab ketib, archa titradi. Qiz tezgina qoʻlini tortib oldi.
Soʻng archani oʻrab olgan mitti lampochkalarni yoqmoqchi boʻldi.Hali akasi yoqib koʻrsatgan edi. U izlanib televizor qoshiga bordi. Polda yotgan shtepselni olib, tokka tiqqan edi, qorayib-yashillanib turgan archa lop etib qizardi. Uning shoxlari, butokdar, barglari orasiga yashiringan lampochkalar bodrab yondi.
Zebo hayajonga tushib, archa qoshiga qaytdi. Undan koʻz uzolmay qoldi: muncha chiroyli!
«Odamlar biladi-ya? Hamma narsani chiroyli qilishadi», deb oʻyladi u.
Yarim soatdan keyin Zebo uy chiroqlarini oʻchirib, eshikni qulfladi. Zinalarni bir-bir bosib, pastga tushdi. O! Roʻparadagi derazalarda chiroqlar yonibdi-ku! Hammasida archa bordir-a? Anavi deraza — qora. Egasi oʻtirishga ketgan. Anavi uydayam odam yoʻq. Ular ham yangi yilni oʻtkazib qaytishadi hali.
U koʻchada qancha vaqt aylanib yurganini bilmaydi.
Boʻralab yogʻayotgan qor tagida junjikib xiyobonda ketarkan, yoʻl yoqasida qoʻnqayib turgan faner uycha oldida toʻxtab qoldi. Uychaning bitta devoriga archa koʻtarib ketayotgan ayiqcha surati solingan. Ikkinchi tomonida quyoncha bilan qoʻl ushlashib turgan Qorqiz! Uchinchi tomonida kattakon Qorbobo!
«Shu yerda archa sotishgan, — Oʻyladi qiz. — Odamlar olib ketishgan!» U xoʻrsindi — togʻda oʻz boshiga oʻsib yotadigan archalarning bu yerda tanqisligi qizga juda yoqib ketdi.
U joyidan jilgan ham edi, roʻparadan kelayotgan yigit unga urilib ketayozdi. Uning ham qoʻlida... archa. Kichkina archa. Ha, birovning uyiga boryapti. Shoshganini qarang! Vaqtida harakat qilish kerak edi. Hali buni bezatish kerak. Beparvo ekan.
Ana, qoʻlida zont tutgan ayol shoshib ketyapti.
Zebo koʻchada odamlar siyraklashib qolganini koʻrib, qattiq hayajonga tushdi: Yangi yil oʻtib ketmadimi?
Orqaga qaytdi. Yoʻli qayoqda? Akasining uyi qayoqda? Qani, shu xiyobon bilan boraversin-chi.
U tez yurib borar, etikcha ichidagi oyoqlari sovqotayotgani endi bilinar, qoʻlini ogʻziga tutib kuhlar, lekin jilmayar va antiqa bir joyga borayotgandek shoshar edi.
Qiz shu hovliqishda tanish imoratga yetdi. Zinalar. Eshik. Ichkariga kirib, eshikni yopdi-yu, zalga kirib yigʻlab yuborayozdi. Archaga oʻrnatilgan mitti chi-rokdarni oʻchirmay ketgan ekan.
Xona qizarib, juda sirli, juda ham goʻzal boʻlib turibdi. Buning ustiga, issiqqina.
Zebo shosha-pisha yechindi. Kiyim-boshini boya akasi qoʻygan joyga ohista osib qoʻydi. Etikchasini ham yechdi-yu, yangasining oq tuflisiga koʻzi tushdi. Shunda uning hali chiqayotganida qora, laklangan tuflini qogʻozga oʻrab sumkaga solayotgani yodiga tushdi. Kulimsirab va zavqlanib, tuflini kiydi.
Oʻziga oʻzi zehn solib, shohona qadam bilan zalga qarab yurdi. Uning koʻngli togʻdek koʻtarilib ketgan edi.
Beixtiyor deraza yoniga bordi.
Qor sekinlagani uchunmi, qarshi tarafdagi uylar derazasi yaqin boʻlib koʻrinar, bir necha deraza ortida chiroyli kiyingan erkak-ayollar bor edi. Ana, bittasi qattiq kulib, boshini yigiti orqasiga yashirdi. Anavi uyda yorugʻ koʻp. Qandilini qarang! oʻntalab lampochka yonib turibdi.
I-ya, anavi odamlar nega toʻzib qolishdi? Qoʻllari-da qadah. Bir-biriga uzatishyapti? Hozir ichishadi... Yangi yil!
Zebo yalt etib televizorga qaradi, oqarib turgan ekranda qop-qora soatning millari «12» raqami us-tiga borib qolgan edi.
A-a, ana u strelka sekundni koʻrsatyapti. Sekund... Uyam «12» ga yaqinlashib boryapti!
Hozir boradi... Soʻng asta oʻtadi... Yangi yil ham kiradi... Eski yil oʻtadi!
Qizning yana yigʻlagisi kelib ketdi. Hiqillab yana derazaga qaradi.
U nega qarab turibdi? Nimani kutyapti? Axir, oʻzi ham nimadir qilishi kerak-ku? Nima? Kiyinishi kerakmi? Kiyimi ustida, yomon emas. Toʻgʻri, koʻylak etaklari yangasinikiga oʻxshab kaltamas. Lekin tuzuk. Sochi... turmaklab olsa boʻlarkan. Mayli, endi vaqt oʻtdi.
Nimadir qilishi kerak!
Chiroqni yoqsinmi? Unda... ular ham Zeboni koʻrishadi. Yolgʻiz ekan deyishadi. Bu ishi toʻgʻrimas!
Axir, u mana shu manzarani — Yangi yil kutish daqiqalarini, odamlarning quvonib qadah choʻqishtirishlari, tabrik qilishlarini koʻrmoqchi edi-ku!
Yana-tagʻin... bu manzarani shaharda allaqanday deraza ortida turib koʻrmoqchi edi. Shu orzusiga yetdimi hozir?
Lekin oʻzi ham bularga qoʻshilishi kerak-ku?!
U shoshib stol yoniga bordi. Ha-a! Ana, ichimlik! Ana idishchalar. Unga mana shu narsa yetmayotgan ekan. Yoʻq, u icholmaydi. Ichib koʻrmagan. Nafasi boʻgʻilib qolmasin tagʻin. Yoki mast boʻlib qolsa, sharmandalik! Akasi nima deydi.
Yaxshi emas.
U stoldan oppoq chinni piyolani olgani, oshxonaga oʻtgani, chiroqni yoqib, vodoprovoddan piyolaga suv qu yib olgani, tagʻin deraza yonida paydo boʻlganini sezmay qoldi.
...Ana, odamlar uyokda...
Zebo qoʻlidagi qadahni oldinga uzatdi:
— Baxtli boʻlinglar! — dedi. Koʻzlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. — Omon boʻlinglar, — shivirladi u va garangsigan koʻyi soʻz aytishda davom etdi: — Siz ham, siz ham... Akajon, siz ham! Yangajon, siz ham omon boʻling! Ena! — beixtiyor allaqayoqlarga qarab oldi. — Otajon siz ham.
U baxtiyor edi. Uning qoʻllari qaltirar edi. Piyolani sekin labiga eltdi-da, muzdek suvni ichib yubordi.
Tashqarida qor yogʻar, har bir uy, har bir goʻshada bayram. Zeboning akasiyam doʻstlari davrasida, yangasi ham oʻsha yerda. Yirokda... qishlokda ota-onasi ham bayram shodiyonasida. Zebo bu yerda, lekin u hozir oʻzini qizgʻish mitti chiroqlar yonib turgan nimqorongʻi uydamas, oʻshalarning davrasida, yoʻq, anavi notanish odamlarning, butun shahar, butun qishloq uylarida, chehrasida Yangi yil, yangi baxt zavqi gupurgan odamlar orasida his etib, ularning gʻala-gʻovuri ichida gangib oʻtirar, oʻzigina ularga baxt-saodat tilab qolmay, ularning ham oʻziga baxt-saodat tilayotgan soʻzlarini eshitar, butun vujudi, fikri-zikri, borligʻi bilan bayram, Yangi yil quvonchiga chulgʻanib qolgan edi.
Haqiqatan ham kechasi soat ikkidan keyin eshik ortidan qadam tovushlari keldi. Yangasi va akasi boshchiligida bir qancha erkak va ayollar gul-gul ochilib kirishdi.
Bayram davom etdi!
Ertalab Zebo qishloqqa qaytdi. Tanish bekat. Avtobus. Tanish yoʻl. Dovon. Biyday choʻl. Qishloq. Uylari. Otasi. Onasi. Buvisi.
Tancha. Tashqarida qor gupillab yogʻmoqda. Zebo tancha yonida mudrab oʻtiribdi. Uning xayolida kitoblarda oʻqigani yoxud odamlardan eshitgani boshqa manzaralar...

Muallif: Shukur Xolmirzayev

Manba: www.BePuL.NeT -Saytdan olindi.



Нравится





REKLAMA QO'YILADI
Категория: HIKOYALAR / ХИКОЯЛАР | Просмотров: 929 | Добавил: Bepul_net | Теги: HAYOTIY HIKOYALAR, хикоя, Hikoya, ХАЙОТИЙ ХИКОЯЛАР, хикоялар, хадислар, bo'lgan voqealar, Hikoyalar, булган вокеалар, xadislar | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *:
Форма входа
Поиск

-------
FOYDALI MASLAHATLA











Мини-чат
BEPUL REKLAMA
1 WWW.VOYDOD.UZ
Пришли на сайта273 Ушли с сайта110 репутация сайта0.0
2 WWW.VOYDOD.NET
Пришли на сайта190 Ушли с сайта108 репутация сайта0.0
3 Diana Gafarova Rasmi...
Пришли на сайта192 Ушли с сайта156 репутация сайта0.0
4 VOYDOD.NET
Пришли на сайта213 Ушли с сайта126 репутация сайта0.0
5 WWW.SAYYOD.UZ
Пришли на сайта230 Ушли с сайта162 репутация сайта0.0
6 WWW.BESTMUSIC.UZ
Пришли на сайта195 Ушли с сайта75 репутация сайта0.0
7 WWW.SAYYOD.NET
Пришли на сайта256 Ушли с сайта94 репутация сайта0.0
8 Мультимедиа
Пришли на сайта165 Ушли с сайта67 репутация сайта0.0
9 SAYYOD.COM
Пришли на сайта193 Ушли с сайта256 репутация сайта0.0
10 Автомобилестроение
Пришли на сайта173 Ушли с сайта80 репутация сайта0.0

>>> REKLAMA QO'SHISH
Календарь
«  Ноябрь 2013  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930
Архив записей
Друзья сайта
y
Copyright BePuL.NeT / БеПуЛ.НеТ © 2024 - 2013

Конструктор сайтов - uCoz